Poytaxtimiz aholisi sonining yil sayin oshib borishi unda yangi ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko’paytirish choralarini ko’rishni talab etmoqda.
Birgina misol, joriy yilning 1 iyul holati ma’lumotlariga ko’ra, Toshkent shahri aholisi soni 2737,2 ming kishini tashkil etib, shu yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o’sgan. Aholining zichligi esa 1 kilometr kvadrat maydonga 7 564 kishini tashkil etmoqda.
Shu jihatdan, yurtimizda 2018 yildan Toshkent shahri chegaralarini o’zgartirish bo’yicha loyihani ko’rib chiqish boshlangan edi. Mazkur loyiha joriy yilning 27 avgust kuni Oliy Majlis Senatining o’n sakkizinchi yalpi majlisida tasdiqlandi va shu kunlarda hudud erlarini qabul qilib olish jarayonlariga kirishildi. Unga ko’ra, Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar er maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar er maydoni Toshkent viloyati hududiga o’tkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar er maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar, O’rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar er maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar er maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug’bek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar er maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar er maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar er maydoni Toshkent viloyatining yuqori Chirchiq tumani tarkibiga kiritilyapti.
— Toshkent shahriga o’tkazilayotgan maydonlarning bir qismi qishloq xo’jaligi erlari bo’lib, hozir ularda oziq-ovqat mahsulotlari etishtirilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining agrar va suv xo’jaligi masalalari qo’mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Oldimizda turgan masalalardan biri shuki, ushbu maydonlarning poytaxt tasarrufiga ko’chirilishi kelajakda oziq-ovqat zaxirasi kamayishiga olib kelmasligi lozim. Loyiha qabul qilingunga qadar o’tkazilgan muhokamalarda ana shu masalalarga ham e’tibor qaratildi. Bu borada xalqimiz turmush farovonligiga daxl qilmaydigan loyihalar, choralarni ko’rish belgilangan. Ya’ni, hududlar chegaralaridagi o’zgarishlar ularning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga ta’sir qilmagan holda, aksincha, yangi loyihalar asosida yanada rivojlanishiga yo’l ochadi. Buning uchun mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo’yilgan.




